Category Archives: Manzarali o`simliklar

Shamshod

     Shamshod (Buxus) — shamshoddoshlar oilasiga mansub doim yashil daraxtlar va butalar turkumi. G‘arbiy va janubiy Yevropa, janubi-g‘arbiy, janubiy va Sharqiy Osiyo, janubiy Amerikaning shimoli, markaziy Amerika, Meksika va Karib dengizi havzasi,  Oʻrta dengiz atroflarida, Hindistonda, Sokorta va Madagaskar orollarida hamda Afrikada ularning 70 ga yaqin turi tarqalgan. Tropik va subtropik mintaqalarda ko‘plab turlari uchraydi. Jumladan, Kubada 30 ga yaqin turi, Xitoyda 17 tur, Madagaskarda 9 tur. Kserofil butazorlarda, barg toʻkadigan, aralash oʻrmonlarning eng pastki qismida oʻsadi.

       Barglari ellipssimon yoki dumaloq, qalin. Gullari mayda, bir jinsli, toʻpgulga yigʻilgan, xushboʻy. Erta koʻklamda gullaydi. Chetdan changlanadi. Mevasi uch uyali koʻsakcha, urugʻlari qora, yaltiroq. Shamshodning 2 ta noyob (relikt) turi: kolxida Shamshodi (Buxus colchica) Gʻarbiy Zakavkazyeda va girkan Shamshodi (Buxus hyrcana) Talishda usadi. Uning 4 turi introduksiyalashgan boʻlib, ulardan yashil Shamshod (Buxus sempervirens) Oʻzbekistonda ham oʻstiriladi. Serbarg buta yoki barglari yaltiroq daraxt. Juda sekin oʻsadi (300—400 yoshli daraxtining boʻyi 20 m dan oshmaydi).

      Qattiq sariq yogʻochidan musiqa asboblari, sovgʻalar uchun turli mayda oʻymakorlik mahsulotlari tayyorlanadi. Shahar sharoitiga chidamli. Urugʻidan, koʻproq qalamchalaridan koʻpaytiriladi. Manzarali oʻsimlik sifatida xiyobonlarda oʻstiriladi.